Quyosh panellari endi Qirgʻizistonda ishlab chiqariladimi? Hukumat yangi zavod qurish masalasini muhokama qilmoqda
Qirgʻiziston o‘zida quyosh panellari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Qirgʻiziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi Singapurning Sunvera Solar Pte. Ltd. kompaniyasi bilan yiliga 2 GVt quvvatga ega fotoelektrik (PV) elementlar va quyosh modullarini ishlab chiqaruvchi korxona qurish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Benazir Nurlanova, Energetika vazirligi, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiyalar agentligi vakillari hamda Sunvera Solar rahbariyati ishtirok etdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya Qirgʻizistonni xorijdagi investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ehtimoliy maydonlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Iqtisodiyot va savdo vazirligi bunday loyihalar mamlakatning “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratilgan siyosatiga mos kelishini ta’kidladi.