Shavkat Mirziyoyev Belarusga tashrif buyuradi: savdo hajmini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalar kun tartibida
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8–9-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Belarusga boradi. Minsk shahrida ikki davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi. Uchrashuv arafasida esa hududlar va biznes vakillari ishtirokida Hududlararo forum bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tashrif Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko taklifiga binoan amalga oshiriladi.
Tashrifning asosiy voqeasi Minskdagi oliy darajadagi muzokaralar bo‘ladi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Kun tartibidan qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil hamda oziq-ovqat sanoati sohalaridagi hamkorlik o‘rin olgan. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Muzokaralar oldidan Belarus poytaxtida uchinchi Hududlararo forum o‘tkaziladi. Unda ikki mamlakat hududlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqot izchil davom etmoqda. Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda Belarusga tashrif buyurgan, Aleksandr Lukashenko esa 2024-yilda Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan.