Toshkent · juma, 11-sentabr, 2026
Lenta · Podkastlar · Arxiv
Axborot va publitsistik nashr
Jamiyat

Avtomobilsiz kun: bu tashabbus O‘zbekistonda va dunyoda qanday ishlaydi

Bugun O‘zbekistonda navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilmoqda.

The Stans
10-sentabr, 2026 · O'zbekiston · 3 daqiqa o'qish
Велосипедисты и пешеходы на городской улице, временно освобождённой от автомобильного движения.
Avtomobilsiz shahar: piyodalar va velosipedchilar uchun makonSun'iy intellekt yordamida yaratilgan illustratsiya

2026-yil 1-maydan boshlab ushbu tashabbus «Toza havo» umummilliy loyihasi doirasida har oyning 10 va 25-sanasida o‘tkazib kelinmoqda.

Tashabbus zararli chiqindilarni kamaytirish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash hamda ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni ommalashtirishga qaratilgan. Dunyoning turli mamlakatlarida shu kabi tashabbuslar turli shakllarda amalga oshiriladi – ayrim ko‘chalarda transport harakatini muntazam cheklashdan tortib, butun shahar hududlarini bir kun davomida shaxsiy avtomobillar harakatidan ozod qilishgacha.

O‘zbekistondagi tashabbus nimalarni nazarda tutadi

«Avtomobilsiz kun» tashabbusi 2026-yil 25-martdagi Prezidentning PF-46-son Farmoni bilan tasdiqlangan «Toza havo» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Ushbu kunlarda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari xodimlari xizmat va shaxsiy avtomobillaridan foydalanmasdan, jamoat transporti, velosiped va boshqa ekologik toza harakatlanish vositalarini tanlaydi.

Bunday kunlarning muntazam o‘tkazilishi transportdan chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirish va shaharlarda ekologik barqaror harakatlanish zarurligiga e’tiborni oshirishga xizmat qiladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aksiya boshlanganidan buyon Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari 1 730 dan ortiq xizmat va shaxsiy avtomobillaridan foydalanishni cheklagan.

Qo‘mita hisob-kitoblariga ko‘ra, buning natijasida zararli chiqindilar hajmi qariyb 17 370 kilogrammga kamaygan.

Dunyoda «Avtomobilsiz kun»

Ko‘plab mamlakatlarda avtomobillardan foydalanishni kamaytirishga qaratilgan tashabbuslar har yili 22-sentabrda nishonlanadigan Butunjahon avtomobilsiz kuniga to‘g‘ri keladi. Biroq ayrim shaharlarda avtomobillar harakatiga cheklovlar ancha tez-tez joriy etilib, shahar transport siyosatining doimiy qismiga aylangan.

Parij: piyodalar uchun ko‘chalar

Fransiya poytaxtida Paris Respire («Parij nafas oladi») dasturi amal qiladi. Dastur doirasida ayrim ko‘chalar va hududlar dam olish kunlari hamda bayramlarda muntazam ravishda motorli transport harakati uchun yopiladi.

Cheklovlar hududga qarab farq qiladi. Ayrim mahallalarda ular har yakshanba kuni amal qilsa, Yelisey maydonlarida oyiga bir marta hudud piyodalar uchun ochiladi.

Shu tariqa, Parijda yiliga bir marta o‘tkaziladigan «Avtomobilsiz kun» bilan cheklanib qolmasdan, shahar hududlarini avtomobillardan xoli qilishga qaratilgan muntazam cheklovlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Bryussel: avtomobillarsiz bir kun

Bryusselda har yili Car-Free Sunday tadbiri o‘tkaziladi. Shu kuni Bryussel poytaxt mintaqasida avtomobillar harakati cheklanib, ko‘chalar piyodalar, velosipedchilar va boshqa motorsiz transport vositalari uchun ochiladi.

Cheklovlar tez tibbiy yordam va boshqa favqulodda xizmatlar, shuningdek, ayrim maxsus toifadagi transport vositalariga taalluqli emas.

2026-yilda Car-Free Sunday 20-sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bogota: odamlar uchun 140 kilometrdan ortiq ko‘chalar

Eng mashhur misollardan biri – Kolumbiyaning Bogota shahri. Bu yerda Ciclovía dasturi qariyb ellik yildan beri amalga oshirib kelinmoqda.

Har yakshanba va bayram kunlari shaharning qariyb 141 kilometrlik ko‘chalari vaqtincha avtomobillar harakatidan ozod qilinib, velosipedchilar, piyodalar, yuguruvchilar va faol dam olishni istaganlar uchun ochiladi.

Bir martalik aksiyalardan farqli ravishda, Ciclovía muntazam ravishda o‘tkaziladi va Bogota shahar madaniyatining ajralmas qismiga aylangan.

Turli shakllar yagona maqsad

Dunyoning turli shaharlaridagi tajriba «Avtomobilsiz kun» tashabbuslari turli shakllarda amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda bu oyiga ikki marta o‘tkaziladigan muntazam umummilliy tashabbusdir. Parijda cheklovlar yil davomida ayrim ko‘chalar va hududlarda amal qiladi. Bryusselda avtomobilsiz bir kun deyarli butun poytaxt mintaqasini qamrab oladi, Bogotada esa ko‘chalar har yakshanba va bayram kunlari avtomobillardan ozod qilinadi.

Formatlar turlicha bo‘lsa-da, bunday tashabbuslarning maqsadi bir – transportning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, shahar muhitining sifatini yaxshilash va aholiga shaxsiy avtomobildan kundalik foydalanishga muqobil imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatish.

Ulashish:

Ommabop